Шайх Зайниддин жоме масжиди

Шайх Зайниддин  жоме масжиди

Маълумот:
Масжид имом-хатиби:
Исмаилов Одилхон
Масжид манзили: Тошкент шаҳар, Шайхонтоҳур тумани, Маннон Уйғур кўчаси 378 уй
Масжидга олиб борадиган транспортлар:

Автобус:  91,
Маршрут:

Toshkent shahar Shayxontohur tumani
Mannon Uyg'ur ko'chasi 378-uyda joylashgan
"Shayx Zayniddin" jome' masjidi haqida

MA'LUMOT

"Shayx Zayniddin" jome' masjidi Mannon Uyg'ur ko'chasi 378-uyda joylashgan bo'lib, "Ko'kcha" mahallasi hududidadir. "Shayx Zayniddin ota" qabristoni va masjid taxminan 700 yillik tarixga ega. Professor Omonulla Fayzullaevning Shayx Zayniddin boboning tarixini o'rganish bo'yicha xulosasiga qaraganda, u zotning to'liq nomi Shayx Zayniddin Ko'yi Orifoni Toshkandiy ibn Shayx Shahobiddin Abu Hafs Umar Suhravardiy bo'lib, 1164 yilda tug'ilgan va 1259 yilda 95 yoshida vafot etgan. Otasi Shayx Shahobiddin Abu Hafs Umar Suxravardiy Iroq mamlakatining Xorazmshoh davlatidagi elchisi bo'lib, 25 yil xizmat qilgan. Shayx Zayniddin bobo shu davrda Xorazmdan Toshkentga kelib qolgan. Shayx Zayniddin bobo Toshkentga yaqinlashganida, shaharning Ko'kcha darvozasidan bir necha chaqirim narida tuya to'xtab cho'kadi. Shayx Zayniddin boboning maskaniga aylangan ushbu joy, keyinchalik, Ko'kcha dahasiga aylanadi va Orifon qishlog'i paydo bo'ladi. So'ngra bu erda Hazrati Shayx Zayniddin bobo dafn etilib, "Shayx Zayniddin bobo" qabristoniga aylanadi. Qabriston Toshkentning g'arbiy qismida. Maydoni 8-9 ga. Bu qabriston 19-asrda shahardagi eng yirik qabristonlardan biri bo'lgan. O'sha davrda u erda faqat chillaxona va hujralar, keyinchalik masjid qurilgan. U zotning o'limidan 132 yil keyin Sohibqiron Amir Temurning Shayx Zayniddin bobo qabri ziyorati natijasida ul zotga ixlos va hurmat ko'rsatib maqbara qurdirgan. Maqbara shu kungacha bir necha bor ta'mirlangan. Maqbaraning orqa tomonida "Chillaxona" – sakkiz tomonli, yuqorisi gumbaz sifatli bino qad ko'tarib turibdi. Salohiddin ibn Aloiddin Toshkandiyning "Temurnoma" kitobida shunday deyiladi: "Amir Sohibqiron Turkiston ichra qabri shariflarga marqad ko'tarib, imorati oliy qurib, qancha erlarni vaqf qilib, andin keyin yana Hazrat Zayniddin Ko'yi Orifonga Kaykovus suvidan nahri azim chiqarib, qul-cho'ri birla nazr etib, qabrlari uzra gumbaz ko'tarib, andin keyin Zangi otani muborak qabrlarini bino qildilar".
"Sirli olam" jurnalining 1998 yil avgust sonida Qahramon Nazarov tomonidan e'lon qilingan "Shayx Zayniddin Ko'yi Orifon hazratlari" va "Toshkent oqshomi"gazetasining 1998 yil sentyabr sonida Professor Omonulla Fayzullaev tomonidan e'lon qilingan "Shayx Zayniddin bobo Toshkandiy haqida" maqolalari bilan tanishgan kishi Shayx Zayniddin boboning nafaqat tariqat murshidi, balki falakiyot ilmining bilimdoni va er osti yo'li qurilishining muhandisi ekanligi haqida ham to'liqroq ma'lumotga ega bo'lish mumkin.
O'zbekiston Musulmonlari Idorasiga qarashli "Shayx Zayniddin" jome' masjidi "Shayx Zayniddin" maqbarasi yonida joylashgani uchun, masjid 1943 yilda ochilgandan buyon shu nom bilan ataladi. Xalq tilida "Ko'kcha", jome' "Shayx Zayniddin buva" nomlari bilan yuritiladi. Masjid yonida 40-o'rta maktab, "Ko'kcha" qabristoni, 8-tramvay va 53, 46-avtobuslarning "Ko'kcha"bekati joylashgan. Masjidning qadimiy binosi 19-asrning oxirida qurilgani, masjid hovlisidan o'tgan anhor suvining ta'siri va Toshkent zilzilasining oqibatida yaroqsiz holga kelgani uchun masjid jamoasi uni qayta qurish uchun 1994 yil Toshkent shahar hokimligiga murojaat qildilar.
Toshkent shahar hokimining 19.10.1995 y. 739-f sonli farmoyishi bilan masjid qurilishi uchun 0,45 g, avtomashinalar uchun 0,30 g. er ajratilgan. Masjid binosi 1995-1997 yillarda Makkalik yurtdoshlarimizning hadya mablag'i hisobidan mustaqillik sharofati bilan yangi zamonaviy bino sifatida butunlay qayta qurilgan. Minora gumbazli, masjid binosi 6000 namozxonga mo'ljallangan bo'lib, ikki yoni ikki qavatli xonaqoh, erto'la, romli ayvon, tahoratxona, talabalar uchun yotoqxona, oshxona, mutavalli va imomlar xonasidan iborat. Tahoratxonada issiq, sovuq suv mavjud, kanalizatsiya ulangan. Xonaqohga o'rnatilgan maxsus uskuna vositasi bilan yozda salqin, qishda esa issiq bo'ladi.Masjid 04.08.1998 yil № 2 raqam bilan qayta ro'yxatdan o'tgan.
Mustaqilligimizning 20 yillik bayrami arafasida masjid binosining ichki qismi kapital ta'mirdan chiqarildi. Ta'mir jarayonida masjid intereri uchun xos bo'lgan xattotlik san'ati, ganch va yog'och o'ymakorlik ishlari keng qo'llanildi.


ISTIQLOL TUHFASI

Ko'pni ko'rgan nuroniy otaxonlaru duolarda mo'l bo'lgan halimgina momolarning guvoxligi haqiqatki, “kecha va bugun” orasidagi tariximiz kelajak avlodlarga armug'on bo'lca ajab emas.

Tarixni bugungi kun bilan qiyoslab fikr yuritish Allohga shukr qilishga undaydigan xulosadir. Bu esa, bugunning yutug'i haqida ko'plab gapirsa arziydi, deganidir. Sobiq ittifoq davrida mana bunday masjidlarni to'ldirib, yoshu qarilar emin erkin ibodatlarini ado etishlari qayoqda edi. Mustaqillikka erishuvimiz sababli ko'p sohalarda ijobiy o'zgarishlar bo'lgani kabi din sohasida ham ulkan yutuqlarga erishildi. Diniy ta'lim muassasalari faoliyatiga katta e'tibor berildi. Diniy adabiyotlar, jurnallar nashri va diniy-ma'rifiy ko'rsatuvlarning muntazam olib borilishi, shuningdek ta'mirga muxtoj yoki yoroqsiz holatga kelgan masjid binolarini ta'mirlash yoki qaytadan qurishga imtiyozlar berildi. Allomalarimiz, o'tmishda o'tgan aziz avliyolar maqbaralari bugungi kunda ta'mirlanib, ko'rkam holatga keltirildi. Jumladan “Shayx Zayniddin buva” maqbarasi va shu nom bilan yuritiladigan jome' masjidi haqida ko'plab misollar keltirish mumkin.

Masjidning qadimiy binosi XIX asrning oxirida qurilgan. Mustaqillikkacha bo'lgan davr mobaynida bir necha marta qayta ta'mirlanib, faoliyat yuritib kelgan. Keyingi yillarda xonaqoh juda ayanchli ahvolga kelib qolgani, zilzila va yomg'ir suvlari ta'sirida bino devorlarida yoriqlar paydo bo'lgan edi.

1995-1997 yillarda “Shayx Zayniddin buva” masjidi binosi butunlay qayta qurildi. Ko'kka bo'y cho'zib turadigan osmono'par minora va mahobatli gumbazni boshida ko'tarib turgan ko'rkam xonaqoh qurib bitkazildi. Masjid binosi 6000 namozxonga mo'ljallangan bo'lib, ikki qanoti ikki qavatli xonaqoh, romli ayvon, tahoratxona, oshxona, mutavalli va imom-xatib xonasidan iborat bir qancha qulayliklar yaratildi.

Ko'kcha daxasidan o'tgan kishi ulug'vor qubbayu osmono'par minoraga bir nigoh tashlaydi. Bu ikkisining yonma-yon turishini ko'rgan kishi ulug'vorlik va poklik insoniyatning qon tomirida borligini anglaydi va ular sari intiladi. Haqiqatan ham masjid-xonaqox poklik ramzi bo'lib kelgan. Bunday ramzlar yurtimizning ko'plab joylarida uchraydi. Shahrimizning Ko'kcha dahasidagi bu inshootning aynan “Shayx Zayniddin buva” nomi bilan atalishi bejiz emaski, yonginasida joylashgan mahobatli maqbaraning tarix haqida so'ylashi, Shayx Zayniddin buva qabrini ihota qilib turganidan darak beradi. Uning atrofidagi qabriston esa, bu valiy zotga Alloh bergan nurdan baxra olmoqqa shaydek go'yo.

Shayx Zayniddin buvaning otasi bag'dodlik mashhur so'fiy, suhravardiya tariqatining rahnamolaridan sanalgan shayx Shahobiddin Suhravardiy (1145-1235) bo'lgan. Tarixdan ma'lumki, shayx Shahobiddin 1215 yili Muhammad Xorazmshoh huzuriga Bag'dod xalifasi Nosirning (1180-1225) elchisi sifatida kelgan. Shayx Zayniddin otasi ta'limotini Toshkentda keng targ'ib etgan. Uni shayx Zayniddin Kuyi Orifoniy deb ulug'lashadi. Uning vafotidan so'ng, qabri ziyoratgohga aylanib, atrofi Orifon deb nom olgan qishloqqa aylangan (XSh asr). XIV asrning 90-yillarida Amir Temur Toshkentda bo'lganida qabr ustiga maqbara qurdirgan. XVI asrda uning atrofida Orifon mahallasi bunyod etilgan bo'lib, u shahar tashqarisida joylashgan. Bu mahalla XIX asrda Shayx Zayniddin buva, keyinchalik Ko'kcha deb nom olgan. Bu atama “Koxcha”, ya'ni “Qal'acha” so'zidan kelib chiqqan bo'lib VI-XI- asr arxeologik yodgorligi bilan bog'liq Ko'kcha Oqtepaga nisbatan aytilgan.
Ko'kcha aholisi, asosan, ko'nchilik bilan shug'ullangan. Arxiv ma'lumotlariga ko'ra, 1871 yilda dahadagi 695 ustaxonadan 341 tasi ko'nteri, 218 tasi kosibchilik ustaxonasi bo'lgan. Ko'kchada 7 ta xumdon, 22 ta tegirmon, 22 ta objuvoz, 34 ta maktab, 4 ta madrasa (Eshon Bo'rixo'ja Saqichmoniy, Shukurxon, Hofiz Ko'hakiy, Sharafiboy), 60 ta masjid, 14 ta qadamjo-mozorlar (Langar ota, Yalang'och ota, Vaqqos ota, Qo'ychi mozor va h.k.) bo'lib, shundan eng mashhuri Shayx Zayniddin buva maqbarasi hisoblanadi.
Istiqlolimiz sharofati bilan bu maqbara va masjidning bugungi kundagi mahobati nafaqat yurtimizdan balki, dunyoning turli o'lkalaridan kelgan mehmonlarning ham diqqat e'tiborini tortmoqda.

Odilxon Ismoilov

 

Шайх Зайниддин бобо Тошкандий (1164-1259)

Азиз заминимиз, муқаддас ватанимиз етти иқлимга донғи кетган не-не улуғ алломаю фузалоларни етиштириб чиқарган. Яна қанчадан-қанча олиму мутафаккирлар бу заминдан қўним топганлар ва ҳаётларини илм-маърифат ва эзгулик улашишга бағишлаганлар. Ватанимиз ўтмишида улуғ аллома ва валий зотлар шу қадар кўпки, уларнинг номини санаб саноғига, ҳисоблаб ҳисобига етиш мушкул. Ана шундай аллома ва валий зотлардан бири шайх Зайниддин бободир. Биз қуйида у зотнинг ҳаётларига назар ташлаймиз.
    Шайх Абу Бакр Зайниддин бобо ибн Шиҳобиддин Кўйи Орифон Тошкандий 1164 йилда Бағдодда туғилган. У зотнинг отаси шайх Шиҳобиддин Умар ибн Муҳаммад ибн Абдуллоҳ ибн Амравайҳ Абу Ҳафс ал-Қураший ат-Таймий ал-Бакрий ас-Суҳравардий (ҳижрий 539-632, мелодий 1145-1234) бўлиб, катта олим, фақиҳ, муфассир, воиз, айни пайтда жамоат арбоби ҳисобланган. У ўттиз беш ёшида “шайхлар шайхи” даражасига кўтарилган. Абу Ҳафс Бағдоднинг катта сўфийларидан бўлиб, “суҳравардийя” тасаввуф тариқатига асос солган (Зайниддин ибн Абу Ҳафснинг бобоси Муҳаммад ибн Абдуллоҳ Суҳравардий ғавсул-аъзам Абдулқодир Жийлонийнинг дўсти, маслакдоши ва аёъни бўлган). Шиҳобиддин Суҳравардий Суҳравардда туғилиб, Бағдодда вафот этган. Суҳравард Ироқ таркибидаги қишлоқлардан бирининг номи.
     Абу Ҳафс Суҳравардий йигирмадан ортиқ китоблар муаллифи саналади. Улар ичида энг машҳури “Аворифул-маориф” (“Яқин дўстлар туҳфаси” ёки “Илм-маърифат яхшиликлари”) бўлиб, бу китоб сўфийлар, аҳли тариқатлар орасида жуда машҳурдир. У олтмиш уч бобдан иборат. Мазкур китоб араб тилида битилган, ўнлаб хорижий тилларга, жумладан, форс, туркий, инглиз, немис тилларига таржима қилинган. Ал-Орифий уни туркийга, Заҳириддин Абдураҳмон ибн Али аш-Шеърозий эса форс тилига таржима қилган. Бу китобда аввал ўтган қавмлар тарихи, одамлар ахлоқи, уларнинг жамиятдаги ўрни, таълим-тарбия, покликка етиш усуллари, комил инсон бўлиш учун илм-маърифат эгаллаш лозимлиги баён қилинган. Унда ал-Маккий ва ал-Қушайрийдан иқтибослар (цитата) келтирилган. Айнан “Аворифул-маориф” китоби замирида янги “суҳравардийя” тариқати юзага келган. Бу китоб кўплаб тариқатлар томонидан яхши қабул қилинган ва қўлланма сифатида фойдаланиб келинган. Жумладан, Шиммелга кўра, Ҳиндистон мадрасаларида тасаввуфни ўрганишда мазкур китобдан кенг қўлланилган.
    Кўплаб аллома ва мутафаккирлар “Аворифул-маориф” китоби ҳақида ўз фикрларини баён қилганлар. Жумладан, Идрис шоҳ: “Агар тариқатлар учун умумдастур бўлса, у “Авориф”дир”, деган. Грамлих: “Авориф охирги ва мумтоз ҳамда расмий сўфийликдан маълумотнома адабиётидир”, деб айтган. Тримингем шундай деган: “Умар Суҳравардий буюк устоз, шайх бўлган. Ҳануз бизнинг кунларимизгача барча сўфийлик тарафдорлари унинг шогирдлари туфайлигина эмас, балки “Авориф” асари таъсирида вояга етган”. Шоҳ Валиюллоҳ (1703-1762) айтади: “Одамлар ҳозирги замон сўфийлари орқасидан эргашмасликлари керак. Чунки улар ҳар хил нопок нарсаларни аралаштиряптилар. Агар Аллоҳ инсонга юксак билимли бўлишни ато қилса, у фарзлар, намоз, рўза, зикрга тааллуқли ҳамма нарсани билиш учун “Авориф” китобидан ўқиб-ўрганиши керак”.
      Мустафо ибн Абдуллоҳ ал-Қастантийний ар-Румий ал-Ҳанафийнинг “Ийзоҳул-макнун физ-зайли ъала кашфиз-зунун” китобида “Аворифул-маориф”нинг шарҳи борлиги айтилган. Мазкур китоб Иззуддин Муҳаммад ибн Али ал-Коший томонидан ёзилган бўлиб, “Мисбоҳул-ҳидоя ва мифтоҳул-кифоя” деб номланади. “Ийзоҳул-макнун”да айтилишича, ҳижрий 984 йилда вафот этган Абдуллоҳ ибн Саъдуддин ас-Синдий ал-Маданий ўша шарҳга ҳошия ёзган. Демак, “Аворифул-маориф” китоби жуда машҳурлигидан унга бўлган талаб кучли бўлиб, уламолар томонидан мазкур китобга шарҳлар, изоҳлар битилган. Юқорида келтирилганлардан маълум бўладики, ҳатто “Авориф”нинг шарҳига ҳам шарҳ ёзилган.
      Абу Ҳафс Суҳравардийнинг бундан ташқари “Нуғбатул-баён фий тафсирил-қуръон”, “Жазбул-қулуб ила мувосалатил-маҳбуб”, “Рашфун-насоиҳ ал-ийманийя ва кашфул-фазоиҳ ал-йунанийя” (Арасту перипатетизмини танқид қилишга бағишланган) каби китоб ва рисолалари ҳам бор.
Зайниддин бобонинг отаси Абу Ҳафс Суҳравардий бир вақтнинг ўзида давлат арбоби ҳам бўлиб, бу борада унинг мавқеъи баланд эди. У XIII аср бошларида Хоразм, Салжуқия, Ироқ ва Эрон ўртасида юзага келган сиёсий низоларни бартараф этган. Бинобарин, шайх Шиҳобиддин 1215 йилда Бағдод халифаси Носирнинг (1180-1225) элчиси сифатида хоразмшоҳ Алоуддин Муҳаммад (1200-1220) ҳузурига келган. Абу Ҳафс Шиҳобиддин йигирма беш йил давомида элчилик вазифасида хизмат қилган.
     Юқорида шайх Зайниддин бобонинг отаси ҳақида бироз тўхталдик. Сабаби у кишининг Тошкентга келишлари Абу Ҳафс Суҳравардий билан боғлиқ. Етук аллома бўлишларида Абу Ҳафснинг ўрни катта бўлган. Энди бевосита шайх Зайниддин бобо ҳақида баъзи маълумотларни эътиборингизга ҳавола қиламиз. Шайх Зайниддин отаси шайх Шиҳобиддин билан Бағдоддан Тошкентга келади ва ҳозирги Кўкча мавзеъсидаги қабристон яқинидаги “чиллахона”га жойлашади ва тасаввуф билан шуғулланади. Ўша даврда у ерда фақат чиллахона ва ҳужралар бўлган. Кейинчалик масжид ва мақбара қурилган. Шайх Шаҳобиддиннинг Имодиддин ва Зайниддин исмли икки ўғли бўлган. Отаси улар ичидан кичик ўғил шайх Зайниддинни Тошкентда қолдирган.
    Нақл қилинишича, шайх Зайниддин Тошкентга яқинлашганида, шаҳарнинг Кўкча дарвозасидан бир чақирим берида туя тўхтаб чўкади. Бу ҳолат шайх Зайниддинга Аллоҳнинг иродаси билан ўз масканларини белгилаб беради.
Шайх Зайниддин замонасининг кўзга кўринган олимларидан бўлиб, суҳравардийя тариқатининг вакилларидан эди. У Тошкент аҳлига одоб-ахлоқ ва бошқа илмлардан ваъз ўқиб, уларга устозлик қилади, отаси Шиҳобиддин Суҳравардий таълимотини халққа тарқатади. Шайх Зайниддин кўплаб шогирдлар чиқарган. Улардан шайх Нуриддин Басир (1159-1242), Этемас Эшон (ёшлигидан гўшт истеъмол қилмагани сабаб у “Этемас” деб чақирилган) ва Умар Боғистонийларни (1230-1320) мисол қилиб келтириш мумкин. Бу муридлар шайх Зайниддин бобонинг этагини маҳкам тутиб, юксак мақомларга эришганлар.
       Ҳазрати Абул Ҳаким Самарқандийнинг “Қандия” асарида шундай келтирилган: “Нақл қилибдурларки, Ҳазрати Нуриддин Басир вояга етганларида, ул кишини Зайниддин Кўйи Орифон ҳузурига олиб боришади. Шайх Зайниддин Худо назар қилган бу ёш ва пок бандани кўриб, шогирдликка қабул қилиб, тарбиялари билан машғул бўладилар”.
     Ривоятларда келтирилишича, шайх Умар Боғистоний уйлангач, бир неча йил фарзанд кўрмайди. У аёли билан шайх Зайниддин ҳузурига келиб, ҳаққига фарзанд сўраб Аллоҳга дуо қилишини илтимос қилади. Шайх Зайниддин вафотидан бир неча йил ўтиб улар фарзанд кўришган. Чақалоқ туғилгач, шайх Умар ўғлини шайх Зайниддин мақбарасига олиб келади ва устозининг ҳаққига дуо қилгач, “эй устоз! Дуоингиз мустажоб бўлиб, ўғиллик бўлдик, бироқ ҳанузгача унга исм қўймадик. Агар тирик бўлганингизда ўзингиз исм қўяр эдингиз”, дейди. Шу пайт мақбаранинг дарчаларидан ичкарига кирган мусича ва кабутарлар “тоҳур”, “тоҳур” деб овоз чиқаришади. Бу овозни эшитган Шайх Умар ўғлига “Хованди Тоҳур” деб исм қўяди. Маълумот ўрнида айтиш жоизки, “Хованд” сўзи “худованд” сўзининг қисқа шакли бўлиб, “художўй” маъносини англатади. “Тоҳур” эса “покиза, озода” маъносига эга.
       Шайх Зайниддин чиллахонада яшай бошлагач, секин-аста унинг атрофига одамлар кўчиб келганлар. Йиллар ўтгач, шайх Зайниддин бобонинг зурриётлари кўпайиб, XIV асрга келиб қабристон атрофида бир қишлоқ вужудга келади. Мазкур қишлоқ “Кўйи орифон” (орифлар қишлоқғи) деб атала бошлайди. Тахминларга кўра, кейинчалик “Оқилон” (ақллилар, оқиллар) деб атаб келинган бўлса керак.
       Шайх Зайниддин Дарё Дил Бекач момога уйланганлар. Уларнинг Саййид Шайх исмли фарзандлари бўлган. Шайх Зайниддин бобо шаръий илмлар билан бир қаторда астрономия, топография, геология, геодезия, меморчилик каби кўплаб соҳаларга оид илмлардан хабардор бўлган. Шу сабаб шогирдларга диний илмлар билан бир қаторда дунёвий илмлардан ҳам сабоқ бериб, уларга ҳалол касб-ҳунар билан шуғулланиб, ризқ топишни таъкилаган. Тарихий манбаларда шайх   Зайниддин “саййидларнинг улуғи, шариф кишиларнинг кароматлиси ва буюги”, “орифларнинг қутби ва ишончли раҳнамоси” деб таърифланган.
     Шайх Зайниддиннинг замондошларидан Хожа Аҳмад Яссавийнинг севимли набираси Сузук ота (1130/1140-1217), қўшни маҳаллада яшовчи унинг шогирди Чўпон ота, Занги ота (1160-1259) ва унинг отаси Тожхожа (1130-1210), Шайх Умар Боғистоний, Бобойи Обрез, Занги отанинг тўрт машҳур халифалари: Садр ота, Бадр ота, Саид ота (1191-1321) ва Узун Ҳасан ота ва бошқалар Тошкентнинг энг улуғ инсонлари бўлишган. Шайх Зайниддин бобо 1259 йилда тўқсон беш ёшида Тошкентда вафот этган ва чиллахонага дафн қилинган.
    Шайх Зайниддин вафотидан сўнг унинг қабри зиёратгоҳга айлантирилади. Нақл қилинишича, соҳибқирон Амир Темур 1391-92 ва 1402 йилларда шайх Зайниддин бобо мақбарасини зиёрат қилган. Айнан Амир Темур фармонига кўра, эски чортоқ устига ҳозирги муҳташам ва салобатли мақбара қурилган. Шундан бери мазкур мақбара бир неча марта таъмирланган. Тарихчи Салоҳиддин ибн Алоуддин Тошкандийнинг (Салоҳиддин Тошкандийнинг ўзи ҳам шайх Зайниддин авлодларидан саналади) ёзишича, 1390-1391 йилларда Дашти Қипчоққа отланган Амир Темур Тошкентда бўлганида ҳазрат шайх Зайниддин Кўйи Орифонга Кайковус сувидан чиқариб, қабрлари устига гумбаз кўтариб, кейин Зангиота мақбарасини қурдирган. Жумладан, Салоҳиддин Тошкандийнинг “Темурнома” китобида шундай дейилган: “Амир соҳибқирон... Туркистон ичра қабри шарафларига марқад кўтариб, иморати олий қилиб, қанча ерларни вақф қилиб, андин кейин яна ҳазрати Зайниддин Кўйи Орифонига Кайковус суйидан наҳри азим чиқариб, қул-чўри бирла назр этиб, қабрлари узра гумбаз кўтариб, андин кейин Занга ота муборак қабрларини бино қилдилар”.
     Даврлар ўтиб Зайниддин бобо мақбараси таъмирлаб келинган бўлса-да, кейинги пайтларда у яна таъмирталаб аҳволга келиб қолганди. Мустақиллигимиз шарофати билан мазкур мақбара таъмирланиб, улуғ шайх марқади ободонлаштирилди ва зиёратгоҳга айлантирилди. Мақбара чиройли гумбазли бўлиб, унинг атрофида турли бинолар, жумладан, тобутхона, чиллахона, чортоқ бўлган. Унинг олд томони жануби-шарққа қаратилган. Мақбаранинг марказида шайх Зайниддин бобо сағанаси, бурчакларида эса бошқа кишилар қабри бор. Мақбаранинг жануби-ғарбий пештоқидаги ёзувга кўра, у ер ҳижрий 1339, мелодий 1920-1921 йилларда таъмир қилиниб, мақбаранинг эски ғиштлари янгисига алмаштирилган. Археологик текширувларга кўра, ёдгорлик ёнида жойлашган чиллахона XII-XIII асрларга, мақбара ўрнида бўлган хонақоҳ XIV асрга оид. Мақбара деворининг асоси XVI асрда қурилган, тепаси ва пештоқи XIX асрнинг охири – XX аср бошларида таъмирланган. XIII-XIV асрларда мақбара атрофида қабристон вужудга келган.
    Чиллахона биносига кирган одам кўп сирли нарсалар гувоҳи бўлади. Жумладан, у ер ёзда салқин, қишда иссиқ бўлади. Қолаверса, чиллахонада Қуръон тиловат қилинса, жуда юқори оҳанг тебраниши кузатилади. Мақбара ичидаги чиллахона гумбазида лаган шаклидаги бир нечта туйнуклар мавжуд. Бинонинг юқори қисмидан қуёш нури ушбу туйнукка тушиб, у орқали пастки қаватдаги хонага нур таралади. Баъзи астрономлар таъкидлашича, мазкур чиллахона ўз вақтида расадхона вазифасини бажарган бўлиши эҳтимолдан холи эмас.
      Мазкур чиллахона жануби-шарқий қисмида пишиқ ғиштдан ишланган зина бор. Бу пиллапоя чиллахонадан бошланган ер ости йўлига тушиб борган. Ер ости йўлининг оғзига бўйи бир ярим, эни тахминан бир метр кенгликдаги ўймакор эшик ўрнатилган. Ривоятларга кўра, мазкур ер ости йўли чиллахонадан бошланиб, Абу Бакр Муҳаммад Қаффол Шоший мақбарасигача давом этар экан. Бу ер ости йўлининг узунлиги тахминан 5-6 чақиримга тенг. Нақл қилинишича, шайх Зайниддин бобо Қаффол Шошийга (903-976) ихлосманд бўлган экан. Шу сабаб Зайниддин бобо у зотнинг мақбарасини зиёрат қилиш учун мазкур ер ости йўлидан у ерга бориб келар экан.
    Қадимдан Кўкчадаги чиллахона орқали Хастимом, Сузукота ва Зангиота маҳаллалари орқали Хожа Аламбардор мақбарасининг ёнидаги чиллахонага чиқадиган ер ости йўли бор дейилади. Ўз даврининг машҳур зотлари, валийлар ер ости йўли орқали бир-бирлари билан учрашиб, суҳбат қуришган. Шайх Зайниддин бобо ва отаси ҳақидаги маълумотлар кўплаб ишончли манбаларда келтирилган. Жумладан, Хожа Аҳрор Валий маноқиби ҳақидаги “Рашаҳот” китобида Зайниддин бобо зиёратига келувчилар ҳақида тўхталиб ўтилган. Абул Ҳаким Самарқандийнинг “Қандия” асарида шайх Зайниддин бобо ҳаёти, у кишининг шогирдлари билан муомаласи борасида қимматли маълумотлар келтирилган. Абдураҳмон Жомий, Алишер Навоий “Насоимул-муҳаббат”да Суҳравардийлар сулоласини, жумладан, шайх Зайниддиннинг отаси шайх Шиҳобиддин ва амакиси шайх Нажмиддин Суҳравардийларни ҳурмат билан тилга олган. Шуни алоҳида таъкидлаш лозимки, машҳур мутафаккир ва атоқли шоир Шайх Саъдий “Бўстон” китобида Суҳравардийни ўз устозим, деб эътироф этган.
Шайх Зайниддин бобо мақбараси неча юз йиллардан бери оддий халқдан тортиб, атоқли алломаю фузалолар учун зиёратгоҳга айланган. Жумладан, юқорида айтилганидек, Амир Темур мазкур мақбарани уч марта зиёрат қилган ва уни таъмирлатган. Машҳур олим ва сўфий Хожа Аҳрор Валий ҳам Самарқанддан келиб, ушбу мақбарани бир неча марта зиёрат қилган.
      Энди бевосита шайх Зайниддин бобонинг шажараси ҳақида қисқа тўхталиб ўтсак. XIX асрда ўн тўққиз қозикалон муҳри босилган Зайниддин бобо шажараси бизгача етиб келган. Шажара 1200 йиллик даврни ўз ичига олади. Бунда Абу Ҳафс Суҳравардий 14-авлод, шайх Зайниддин бобо эса 15-авлод. Ҳозир мазкур шажаранинг 45, 46, 47, 48-авлодлари яшаб келмоқдалар. Уларнинг кўпчилиги Кўкча даҳасида истиқомат қилади. Улардан кўплаб олимлар, фан арбоблари, атоқли кишилар етишиб чиққан. Жумладан, шоир Хислат, Ўзбекистонда хизмат кўрсатган фан арбоби Омонулла Файзуллаев Зайниддин бобо авлодларидандир. Шайх Зайниддин бобонинг ҳаёти ҳаммамиз учун ибратлидир. Уни ўрганиш, тадқиқ қилиш ва келгуси авлодларга етказиш барчамизнинг муқаддас бурчимиз саналади. Зеро келажак авлодлар улуғ аждодларнинг ибратли ҳаёти ва ўлмас меросидан нур олиб комилликка етишади.

 Одилхон қори Юнусхон ўғли